MANILA, FILIPPIN (2022-yil 21-sentyabr) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ortib borayotgan muammolarni, jumladan, markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosatining keskinlashuvi, Rossiyaning Ukrainaga cho‘zilib qolgan bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan oqibatlarni va Xitoy Xalq Respublikasida (XXR) COVID-19 bilan bog‘liq vaqti-vaqti bilan o‘rnatiladigan cheklovlarni hisobga olgan holda Osiyo va Tinch okeanining rivojlanayotgan mamlakatlari uchun o‘zining iqtisodiy o‘sish prognozlarini yana bir bor pasaytirdi.

Bugun e'lon qilingan Osiyo rivojlanish istiqbollar"i"ning 2022 yilgi nashriga qo‘shimchaga muvofiq, mintaqa iqtisodiyoti joriy yilda 4,3 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bunda, bankning dastlabki, aprel oyidagi prognozi 5,2 foiz edi.  Kelgusi yil uchun o‘sish prognozi 5,3 foizdan 4,9 foizga pasaytirildi, mintaqa bo‘yicha inflyasiya prognozi esa oshirildi. Xitoydan tashqari, Osiyoning boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarida 2022 va 2023 yillarda 5,3 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Mahalliy iste'mol xarajatlari va investisiyalar o‘sishni tezlashtirmoqda, chunki mintaqa mamlakatlari qisman emlash kampaniyalari va COVID-19 bilan bog‘liq o‘limlarni kamayishi tufayli pandemiya bilan bog‘liq cheklovlarni yengillashtirishda davom etmoqda. Biroq, davom etayotgan Ukrainaga bostirib kirish global noaniqlikni va energiya va oziq-ovqat bozorlarida ta'minotdagi uzilishlar va nostabillikni kuchaytirdi. AQSh Federal zaxira tizimi va Yevropa Markaziy banki tomonidan pul-kredit siyosatining yanada qat'iylashtirilishi global talabga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda va moliya bozorlarida notinchlikni keltirib chiqarmoqda. Shu bilan birga, vaqti-vaqti bilan COVID-19ning avj olishi va yangi cheklovlar mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Xitoyda o‘sishni sekinlashtirdi.

“Rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari tiklanishda davom etmoqda, biroq xatarlar yuqori”, - deydi OTB Bosh iqtisodchisi Albert Park. “Jahon iqtisodiyotidagi sezilarli pasayish mintaqadan eksportga bo‘lgan talabga jiddiy zarar yetkazadi. Rivojlangan mamlakatlarda pul-kredit siyosatining kutilganidan kuchliroq qattiqlashuvi moliyaviy beqarorlikka olib kelishi mumkin. Xitoydagi o‘sish esa takrorlanayotgan COVID-19 cheklovlari va zaif ko‘chmas mulk sektori tufayli qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari hukumatlari ushbu xatarlarga nisbatan hushyor turishlari va o‘sishga to‘sqinlik qilmagan holda inflyasiyani ushlab turish uchun zarur choralarni ko‘rishlari kerak.”

Iqtisodiyoti eng rivojlangan mamlakatlarda 2022 yilda 1,9 foizga o‘sish va 2023 yilda 1,0 foizga o‘sish prognoz qilinmoqda va bu ko‘rsatkichlar yil boshida qilingan prognozlarga nisbatan pastroqdir. Yuqori inflyasiya natijasida AQSh va yevrohudud pul-kredit siyosatini agressiv tarzda qat'iylashtirdi va bu o‘z navbatida mazkur mamlakatlar talabning pasayishiga olib keldi. Ta'kidlash joizki, mazkur mamlakatlar ham Ukrainaga bostirib kirish natijasida yuzaga kelgan ta'minot zanjirlarining uzilishi va noaniqlikdan aziyat chekib kelmoqda.

OTB joriy yilda rivojlanayotgan Osiyo mamlakatlari uchun inflyasiya prognozini avvalgi 3,7 foiz darajasidagi prognozga nisbatan 4,5 foizgacha oshirdi. Kelgusi yil uchun prognoz oldingi 3,1 foiz darajasidagi prognozga nisbatan 4,0 foizni tashkil qiladi. Mintaqadagi inflyasiya boshqa joylarga qaraganda pastligicha qolayotgan bo‘lsa-da, ta'minotdagi uzilishlar oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarini oshirishda davom etmoqda.

Xitoyning bu yil uchun o‘sish prognozi aprel oyidagi 5,0 foizlik prognozdan 3,3 foizga tushirildi. Bu so‘nggi 3 o‘n yillikdagi boshqa rivojlanayotgan Osiyo mamlkatlari XXRga qaraganda tezroq o‘sishni namoyon qilayotgan birinchi yildir. Hindiston uchun prognoz kutilganidan qo‘ra yuqoriroq inflyasiya va pul-kredit siyosatinining qat'iylashuvini hisobga olgan holda 7,5 foizdan 7,0 foizgacha pasaytirildi.

Indoneziya va Filippindagi mustahkam ichki talab bu yil Janubi-Sharqiy Osiyo uchun o‘sish prognozining 5,1 foiz darajasida yuqoriroq belgilanishiga sabab bo‘ldi, garchi zaif global talab istiqbollari kelgusi yil uchun prognozning pasayishiga olib keldi. 2022-yil uchun ijobiy o‘sish istiqbollari Kavkaz va Markaziy Osiyo uchun ham belgilanib, bu yil 3,9 foizga o‘sish kutilmoqda, va Tinch okeani mintaqasi uchun 4,7 foiz o‘sish kutilmoqda, chunki turizm pandemiyadan tiklanishda davom etmoqda.

"Osiyo rivojlanish istiqbollari"ning 2022 yilgi nashriga qo‘shimcha "Raqamli asrda tadbirkorlik" nomli tematik bobni o‘z ichiga olgan. Ushbu bobda raqamli tadbirkorlik qanday qilib katta o‘sish va innovasiyalarga olib kelishi va mintaqadagi hukumatlar raqamli tadbirkorlarning rivojlanishi uchun qanday qilib ijobiy muhit yaratishlari mumkinligi tahlil qilinadi.

OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa'y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi.  OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a'zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.

GDP growth rate, % per year

Media Contact