TOSHKENT, O‘ZBEKISTON (2022-yil 5-sentabr) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va "Abu Dhabi Future Energy Company" OAJning (Masdar) sho‘ba korxonasi bo‘lgan “Shamol Zarafshan Enerdji” MChJ (Shamol Zarafshan Energy) xorijiy kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda birinchi bo‘lgan va bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng yirik hisoblangan shamol elektr stansiyasini moliyalashtirish uchun 52 million AQSh dollarlik qarz shartnomasini imzolandilar.
500 megavatt (MVt) quvvatga ega bo‘lgan stansiya Zarafshon shahridan sharqda, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida joylashadi. U mamlakatga tez o‘sib borayotgan energiyaga bo‘lgan talabini qondirish, yetarli darajada xizmat ko‘rsatilmaydigan shahar va qishloq hududlarini energiya bilan ta'minlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash maqsadlariga erishish va iqlim o‘zgarishiga nisbatan chidamlilikni oshirishga yordam beradi. Ob'ekt har birining quvvati 4,5 MVt bo‘lgan 111 ta shamol generatoridan iborat bo‘ladi.
“Zarafshon shamol energetikasi loyihasi qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada qaram bo‘lgan mamlakatlar iqtisodiyotini karbonsizlantirishda xususiy sektor investisiyalari qanday yordam berishi mumkinligini namoish qiladi”, dedi OTB Xususiy sektor operatsiyalari departamenti Bosh direktori Syuzanna Gaburi. “U O‘zbekistonning 2030-yilga borib jami ishlab chiqariladigan toza energiya ulushini 25 foizdan ko‘proqqa yetkazish bo‘yicha sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi va hukumatga korxonalar, maktablar, poliklinikalar va uy xo‘jaliklarini ishonchli va arzon elektr energiyasi bilan ta'minlashga yordam beradi”.
Loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Abu-Dabi Birinchi banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va Natixis ishtirokida hamkorlikda moliyalashtiriladi. Umumiy moliyalashtirish paketining bir qismi sifatida, OTB Gollandiyaning Tadbirkorlikni rivojlantirish bankidan (FMO) B-toifali kredit shaklida 10 million AQSh dollari miqdorida transh jalb qildi. OTB, shuningdek, davlat operatori bo‘lmish “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining kredit xatarini pasaytirish uchun 19.5 million AQSh dollari miqdorda suveren qisman kredit kafolatini imzoladi.
Markaziy Osiyoning ko‘plab mamlakatlari singari O‘zbekiston ham qazib olinadigan yoqilg‘iga yuqori darajada qaram bo‘lib, elektr energiyaning aksariyat qismi tabiiy gazdan olinadi. Zarafshon shamol energetikasi loyihasi yiliga 1599 gigavatt-soat toza energiya ishlab chiqaradi va 890 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarining oldini oladi. "Shamol Zarafshan Enerdji" o‘z energiyasini O‘METga 25 yillik elektr energiyasini sotib olish shartnomasi asosida yetkazib beradi.
“Markaziy Osiyoning eng tez rivojlanayotgan iqtisodlaridan biri sifatida O‘zbekistonda energiyaga bo‘lgan talab o‘sishda davom etadi, shuning uchun energiya balansini qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan diversifikasiya qilish juda muhim ahamiyat kasb etadi”, - dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Enriko Pinali. "Bu OTB tomonidan moliyalashtirilgan eng yirik shamol elektr stansiyasidir va biz hukumatning barqaror, yashil iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganimizdan faxrlanamiz".
"Shamol Zarafshan Enerdji" qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarining "Masdar" kompaniyasiga tegishli bo‘lgan "maxsus maqsadli" korxonadir. "Masdar" kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab kommunal loyihalarni, elektr tarmog‘iga ulanishni nazarda tutuvchi loyihalarni, uzoqda joylashgan aholiga energiya olib keladigan kichik o‘lchamli ilovalarni va uglerod chiqindilarni kamaytirish loyihalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. "Masdar" va OTB ilgari mintaqadagi qayta tiklanadigan energiya manbalariga oid bir qancha muhim loyihalarda hamkorlik qilgan.
OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa'y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a'zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.